2025-yilning 8–12-sentabr kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi xodimlari uchun tajriba almashish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida Geostat mutaxassislari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba va ish amaliyotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ushbu tashrif ikki davlat statistika tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va bilim almashishga xizmat qiladi.

Uchrashuvlar ikki ishchi guruhda tashkil etilib, asosiy guruhda strategik masalalar — statistika ishlarini rejalashtirish va muvofiqlashtirish, ma’lumotlar sifatini oshirish hamda muqobil ma’lumot manbalaridan foydalanish muhokama qilindi.

Shu bilan birga, ikkinchi guruhda sanoat, savdo, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar, investitsiyalar, demografiya va mehnat statistikasi kabi statistik tarmoqlar ko‘rib chiqildi.
Geostatning boshqarma xodimlari qo‘mita delegatsiya a’zolariga Gruziyaning ilg‘or tajribalarini taqdim etdilar. Shuningdek, zamonaviy so‘rov usullari, ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va tarqatish bo‘yicha mavjud amaliyotlar bilan ham tanishtirildi.


