Joriy yilning 24-26-sentyabr kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida “Xalqaro loyihalar – statistikaning harakatlantiruvchi kuchi” mavzusida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining III xalqaro statistika forumi boʻlib oʻtdi.

p

Forum Ozarbayjon Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi hamkorligida, Butunjahon statistika kuni munosabati bilan tashkil etilib, unda 15 mamlakat va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar, shuningdek, ilmiy doira vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

p

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasidan Milliy statistika qoʻmitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Forumning birinchi kunida Milliy statistika qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish mavzusida taqdimot qildi. Shuningdek, Ozarbayjonning Report.Az nashriga Oʻzbekistonda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiri hamda 2026-yilda Ozarbayjon davlat statistika qoʻmitasi bilan imzolanishi rejalashtirilayotgan hamkorlik memorandumi borasida intervyu berdi.

p

Forum doirasida Milliy hisoblar tizimi 2025, Xalqaro taqqoslash dasturi – 2024, Aholi va uy-joyni roʻyxatga olish – 2030 raundi, Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi, tarmoqlararo va sohaviy statistik loyihalar, axborot texnologiyalari, statistik maʼlumotlarni integratsiya qilish va smart-maʼlumotlar, statistikada kompetensiyalarni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.

p

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi hamda xorijiy mamlakatlar  va xalqaro tashkilotlar statistika idoralari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, UNECE Statistika boʻlimi direktori Tiina Luidje bilan oʻzaro hamkorlik, Gruziya statistika idorasi bilan statistik kuzatuvlarni takomillashtirish, Serbiya statistika idorasi bilan sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va raqamlashtirish, Belarus Milliy statistika qoʻmitasi bilan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish, Vengriya statistika idorasi bilan GIS texnologiyalaridan foydalanish masalalari muhokama qilinib, hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.