Joriy yilning 21-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita raisi boshchiligidagi markaziy apparat mas’ul xodimlari hamda XVJ delegatsiyasi — missiya rahbari Yasser Abdih, XVJning O‘zbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze, bosh iqtisodchilar Etibar Jafarov, Alexandro Simon va iqtisodchi Galina Kostina ishtirok etdi.

Muloqot davomida qo‘mita faoliyatini takomillashtirish, tashkiliy tuzilmani sektorlarga ajratish jarayonlari, YaIM va milliy hisoblar tizimini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, statistik axborot tizimini SDDS xalqaro standartlariga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, statistik islohotlarning amaldagi holati, metodologik yangilanishlar, xalqaro talablarga mos ma’lumotlar ishlab chiqish jarayonlari hamda texnik ko‘makka bo‘lgan ehtiyoj yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida statistik islohotlarni izchil davom ettirish, xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuvni jadallashtirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash uslublarini takomillashtirish va texnik ko‘makni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


