Joriy yilning 2-dekabr kuni Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda birinchi milliy qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun texnik koʻmak” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda Milliy statistika qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, FAO, UNFPA va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.


Seminar davomida qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning maqsad va vazifalari, amalga oshirish mexanizmlari, xalqaro standartlar va zamonaviy metodologiyalar qoʻllanilishi yuzasidan maʼlumot berildi. Shuningdek, raqamli maʼlumot yigʻish tizimlaridan foydalanish, sifat nazoratini takomillashtirish, maʼlumotlarni qayta ishlash va tarqatishning samarali tizimini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.


Loyihani amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasidagi hamkorlik, xalqaro ekspertlarning texnik koʻmagi hamda roʻyxatga olish jarayonining barcha bosqichlarini toʻgʻri rejalashtirish muhim ekani taʼkidlandi. Seminar ishtirokchilari oʻzaro fikr almashib, roʻyxatga olishni yuqori sifatda tashkil etishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni koʻrib chiqdilar.



