Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasida “Eng namunali statistika xodimi” tanlovining markaziy apparat bosqichi boʻlib oʻtdi. Mazkur tanlov statistika organlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy mahorati, masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, shuningdek, ilgʻor ish tajribalarini aniqlash va ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.



Tanlov doirasida ishtirokchilar belgilangan baholash mezonlari asosida har tomonlama baholandi. Xususan, rasmiy statistika sohasida qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarni bilish darajasi, oʻz kasbini puxta egallaganligi hamda amaliy faoliyatda qoʻllay olish mahoratiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, davlat tilini mukammal oʻzlashtirganlik, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish koʻnikmalari va xorijiy tillarni bilish darajasi muhim mezon sifatida inobatga olindi.

Bundan tashqari, ish jarayonlarini takomillashtirish, soha faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslarning mavjudligi, Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlarini bilish darajasi, xizmat odobiga rioya etishi, oʻzini tuta bilishi, kiyinish madaniyati hamda fikrini aniq, ravon va tushunarli bayon eta olish qobiliyati ishtirokchilarni baholashda asosiy koʻrsatkichlardan biri boʻldi.


Mazkur tanlov statistika tizimida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish, ularning kasbiy salohiyati va nufuzini oshirish, shuningdek, sohaga boʻlgan qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.




Yakuniy natijalarga ko‘ra, Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shaxnoza Ismailova g‘olib deb topildi. Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan Shahzod Karimov va Ayyubxon Nurillayev "Eng faol yosh xodim" nominatsiyasi bilan taqdirlandi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


