13/11/2020

Davlatimiz rahbari boshchiligida shu yilning 1- iyun kuni milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Mazkur grafik asosida joriy yilning iyun-iyul oylarida tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etilgan edi.

2020- yilning 13- noyabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi tomonidan “Narxlar statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish va tahlil qilish” mavzusida tashkil etilgan navbatdagi videokonferensiya ham tizim xodimlarining salohiyatini oshirishning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda narxlar statistikasi oid atamalar, iste’mol narxlari indeksi va inflatsiyani hisoblash usullari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari hududiy statistika boshqarmalari xodimlarining bilim va salohiyatini o‘rgandi.

Shuningdek, Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Umarov Muxtor Turayevich Narxlar statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish masalalari yuzasidan o‘z takliflarini berib o‘tdi.

Videokonferensiyada qo‘mitaning Narxlar statistikasi boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalarining Narxlar statistikasi bo‘limi xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.

Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.

 Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech