Nyu-York shahrida joylashgan BMT qarorgohida 2026-yil 3-mart kuni BMT Statistika komissiyasining 57-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli xalqaro yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Delegatsiyaga Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev boshchilik qilmoqda.

Sessiya doirasida dunyo mamlakatlari rasmiy statistika sohasidagi eng muhim masalalarni muhokama qilmoqda.
Jumladan:
2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini baholash indikatorlarini takomillashtirish;
rasmiy statistikada sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalardan keng foydalanish;
mamlakatlar taraqqiyotini faqat yalpi ichki mahsulot bilan emas, balki farovonlik va ijtimoiy rivojlanish ko‘rsatkichlari orqali ham baholash;
atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni milliy hisobotlarga integratsiya qilish kabi dolzarb yo‘nalishlar ko‘rib chiqilmoqda.
Sessiya doirasida muhim voqea ro‘y berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Behzod Hamrayev BMT Statistika komissiyasi Byurosi raisi o‘rinbosari (Vice-Chair) etib saylandi.
Bu qaror O‘zbekistonning xalqaro statistika hamjamiyatidagi nufuzi ortib borayotganini va mamlakatimizda rasmiy statistikani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari BMTning eng so‘nggi xalqaro tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda. Bu ham muhim omillardan biri bo‘ldi.
Shuningdek, sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Statistika bo‘limi rahbariyati, xalqaro tashkilotlar hamda turli davlatlar milliy statistika idoralari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil aprel oyida O‘zbekiston tarixda ilk bor 2026–2029-yillar uchun BMT Statistika komissiyasining to‘laqonli a’zosi etib saylangan edi.
Bu esa mamlakatimizda ochiqlik, ishonchli ma’lumotlar va zamonaviy statistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.


