2026 yil 13 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi loyihasiga bag‘ishlangan konsultatsion seminar va Milliy statistika qo‘mitasining 2025-yildagi faoliyati natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.


Seminar davomida mamlakat Milliy statistika tizimining hozirgi holati bo‘yicha baholash natijalari hamda yangi strategiya doirasida statistikani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari statistika tizimini modernizatsiya qilishning muhim ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan xalqaro statistika standartlarini joriy etish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, ma’muriy ma’lumotlardan keng foydalanish hamda statistika ma’lumotlarining ochiqligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.


Shuningdek, rasmiy statistikaning sifati va tezkorligini oshirish, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishning zamonaviy usullarini joriy etish hamda statistik tizim kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida Jahon banki vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, statistik tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z tajribasi va tavsiyalarini taqdim etdilar.
Ochiq muhokamalar davomida vazirlik va idoralar, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari strategiya loyihasi yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdilar.


Matbuot anjumani uchun ajratilgan sessiyada OAV vakillariga Milliy statistika qo‘mitasining 2025-yil davomidagi faoliyati natijalari, amalga oshirilgan ishlar, erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar, shuningdek, istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.


