20/11/2020

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning barcha ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda yangi, ochiq tashqi siyosat, barcha sohalardagi ochiqlik va shaffoflik mamlakatning jahon hamjamiyatidagi ijobiy imiji va obroʻsini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Statistik ma’lumotlarning shaffofligi hamda obyektivligi ham shular jumlasidandir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020- yil 19- noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo’ldi.

Yalpi yig’ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Parlament yig’ilishida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich mazkur qonun loyihasi mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 9- apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilganini ta’kidlab, milliy statistika tizimi, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilar, ma’muriy ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar, respondent va foydalanuvchilarning oʻzaro munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solinishi borasida alohida to’xtalib o’tdi.

Loyiha bilan rasmiy statistika ma’lumotlarining ma’muriy ma’lumotlardan farqi, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilar toifalari va ularning professional mustaqilligi hamda Davlat statistika qoʻmitasi asosiy ishlab chiqaruvchi va mamlakatdagi rasmiy statistika tizimining muvofiqlashtiruvchi organi sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, jumladan rasmiy statistika hisobotlarini yigʻish va kuzatuvlarni oʻtkazish hamda ularning natijalarini nashr qilish va e’lon qilish jarayonlariga hech kim aralashmasligi, shuningdek, hududiy davlat statistika organlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil boʻlishi belgilab qoʻyilmoqda.

Deputatlarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi milliy statistika tizimidagi barcha subyektlar faoliyatining huquqiy asosini yaratadi hamda xalqaro miqyosda rasmiy statistikaning tan olinishiga institutsional zamin yaratadi.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech