2026-yil 26-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi hamda yirik onlayn savdo platformalaridan biri — “Asaxiy books” MCHJ oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi.

Mazkur hamkorlik statistik kuzatuvlarni zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirishga, xususan, onlayn savdo platformalarida shakllanayotgan narx maʼlumotlaridan isteʼmol narxlari indeksi hisob-kitoblarida samarali foydalanishga qaratilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, narx maʼlumotlaridan samarali foydalanish, shuningdek, statistik maʼlumotlar sifati va ishonchliligini yanada oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Ushbu hamkorlik isteʼmol bozoridagi jarayonlarni chuqurroq tahlil qilish, inflyatsiyani baholash sifatini yaxshilash hamda zamonaviy va ishonchli statistik koʻrsatkichlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumot oʻrnida, hozirgi kunda isteʼmol narxlari indeksini shakllantirishda CAPI, CATI, web scraping texnologiyalari hamda soliq organlari bazasidagi onlayn-kassa mashinalari chek maʼlumotlari kabi manbalar orqali 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish obyektlaridan narx maʼlumotlari olinmoqda.

p