Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning mart oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshgan.
Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,1 % ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2025-yil mart — 110,3 %) nisbatan 3,2 foiz bandga pasaydi.
Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,2 % ga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 % ga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,2 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan pomidor (11,5 %), bulg‘or qalampiri (10,0 %), kartoshka (9,8 %), qovoq (9,4 %), olma (7,4 %), banan (6,0 %), limon (4,4 %), tovuq tuxumi (2,1 %), mol go‘shti (suyaksiz go‘shtdan tashqari) (1,8 %), baliq (1,7 %), shakar (1,7 %), qo‘y go‘shti (1,2 %), kungaboqar yog‘i (1,0 %), kafe, oshxonalar, kafeteriylar va gazakxonalardagi tayyor taomlar (0,8 %) va birinchi navli bug‘doy uni (0,6 %) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida bodring (-20,7 %), karam (-4,7 %) va piyoz (-4,6 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan tomir kengaytiruvchi preparatlar (0,9 %), ayollar uchun ko‘ylaklar (0,8 %) hamda sement (0,8 %) narxlari o‘sishi, shuningdek, propan (-3,2 %), AI-92 markali benzin (-0,9 %) narxi pasayishi kuzatildi.
Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida maishiy chiqindi uchun haq to‘lash (0,9 %) va bo‘yash ishlari xizmatlari (0,9 %) narxlari oshishi hamda ichki va xalqaro yo‘lovchi havo transporti (-4,1 %) tariflari narxlari pasayishi asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.
Batafsil (https://stat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/67652-o-zbekiston-respublikasida-iste-mol-narxlari-indeksi-2026-yil-mart-1)
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 1,2 mlnga yaqin narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.



