2026-yil 23–24-aprel kunlari Bishkek shahrida Qirgʻiz Respublikasi statistikasining 100-yilligiga bagʻishlangan xalqaro forum hamda MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari Kengashining 75-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mazkur xalqaro tadbirlarda Oʻzbekistondan Milliy statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari L. Mirsoatov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

p

Qirgʻiz Respublikasi statistikasining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Statistika biznes-jarayonlarini modernizatsiya qilish: rasmiy statistikaning yangi ekotizimini shakllantirish” mavzusidagi xalqaro forumda rasmiy statistikani ishlab chiqarishning zamonaviy jarayonlarini joriy etish, yangi maʼlumot manbalaridan samarali foydalanish, statistik salohiyatni mustahkamlash hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida Oʻzbekiston milliy statistika tizimida axborot tizimlarini rivojlantirish, statistik maʼlumotlarni shakllantirish jarayonlariga raqamli yechimlarni joriy etish, maʼlumotlar sifatini oshirish va foydalanuvchilar uchun ochiqlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

p

Shuningdek, Milliy statistika qoʻmitasi delegatsiyasi MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari Kengashining 75-yigʻilishida ishtirok etdi. Yigʻilishda MDH doirasida statistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, 2026–2030 yillarda iqtisodiy rivojlanish strategiyasini statistik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, MDH statistikasini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar hamda navbatdagi yigʻilishlarni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

p

Tadbirlar davomida Milliy statistika qoʻmitasi delegatsiyasi xalqaro tashkilotlar va xorijiy statistika idoralari vakillari bilan hamkorlikni kengaytirish, statistika tizimini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, roʻyxatga olish natijalarini joriy statistika jarayonlariga integratsiya qilish, maʼlumotlar sifatini oshirish va ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish yuzasidan fikr almashdi.

p

Ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining MDH mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy statistika idoralari bilan amaliy hamkorligini yanada mustahkamlash, shuningdek, milliy statistika tizimida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.