Milliy statistika qo‘mitasida xodimlarning xorijiy til ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ommaviy nutq madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.

p

Navbatdagi mashg‘ulot doirasida ingliz tili kursining 1-guruh tinglovchilari ishtirokida “Presentation session” tashkil etildi. Unda tinglovchilar o‘tilayotgan ingliz tili darsligidagi mavzu asosida o‘zlari tanlagan davlat va uning muayyan sohasi bo‘yicha taqdimot tayyorlab, uni ingliz tilida ommaviy nutq shaklida namoyish etdilar.

p

Mazkur amaliy mashg‘ulot tinglovchilarga nafaqat ingliz tilida erkin fikr bildirish, balki ma’lumotlarni tahlil qilish, ularni mantiqiy ketma-ketlikda taqdim etish hamda auditoriya oldida ravon va ishonchli nutq so‘zlash ko‘nikmalarini mustahkamlash imkonini berdi. Shu jihatdan, taqdimotlar statistik ma’lumotlar bilan ishlash jarayonini xorijiy til o‘rganish bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qildi.

p

Taqdimot jarayoni ingliz tili kurslari koordinatori Abdulhay Jurayev tomonidan baholandi. Mashg‘ulot yakunida tinglovchilarning chiqishlari tahlil qilinib, ularning yutuq va kamchiliklari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi hamda kelgusida nutq madaniyati va taqdimot ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

p

Tadbir so‘ngida eng yuqori baholangan tinglovchilarga maxsus sovg‘alar taqdim etildi.