2026-yil 30-iyun kuni Toshkent shahrida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga bagʻishlangan konferensiya oʻtkazildi. Unda Milliy statistika qoʻmitasi mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻtkazilgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirining dastlabki natijalarini taqdim etdi.

Mazkur roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PF–173-son Farmoniga muvofiq 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar oʻtkazildi.

p

Konferensiya Milliy statistika qoʻmitasi hamda BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining (UNFPA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat organlari, xalqaro hamkor tashkilotlar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda roʻyxatga olish jarayonining dastlabki natijalari, unda qoʻllanilgan metodologik yondashuvlar, raqamli texnologiyalardan foydalanish tajribasi, shuningdek, toʻplangan maʼlumotlardan davlat dasturlari va strategik qarorlarni ishlab chiqishda foydalanish masalalari yuzasidan axborot berildi.

p

Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiri mamlakatning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va agrar holati boʻyicha ishonchli maʼlumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan yirik statistik jarayon hisoblanadi. Bu tadbir orqali aholi soni, uning hududlar kesimida joylashuvi, yosh va jins tarkibi, yashash sharoitlari, ijtimoiy-iqtisodiy holati, shuningdek, qishloq xoʻjaligi subyektlari va resurslari boʻyicha muhim maʼlumotlar shakllantirildi.

Dastlabki natijalarga koʻra, onlayn roʻyxatga olish jarayonida aholining 82,3 foizi qamrab olindi. Aholining qolgan qismi esa “Mahalla yettiligi” vakillari tomonidan uyma-uy yurgan holda planshetlar orqali roʻyxatga olindi.

p

Roʻyxatga olishdan keyingi kuzatuv natijalariga koʻra, umumiy aholining 97,3 foizi roʻyxatga olingan va 2,7 foiz aholi turli sabablar yuzasidan roʻyxatga olish jarayonlarida qatnashmagan. Bu xalqaro meʼyorlar boʻyicha normal holat boʻlib, turli davlatlarda 10 foiz va undan yuqori holatlar kuzatilgan.

Roʻyxatga olish tadbirini tashkil etishda xarajatlar samaradorligiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bir nafar shaxsni roʻyxatga olish uchun sarflangan xarajat 0,12 AQSH dollarini tashkil etdi.

p

Tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida 8,2 mlndan ortiq obyektning geolokatsiya maʼlumotlari shakllantirildi. Ushbu maʼlumotlar aholi punktlari, turar joylar, qishloq xoʻjaligi obyektlari va boshqa manzilli birliklarni aniq hisobga olish, keyingi tahlillarda hududlar kesimida aniq maʼlumotlar bilan ishlash imkonini beradi.

Jarayonni joylarda samarali tashkil etishda 55 mingdan ortiq mahalla yettiligi xodimlari ishtirok etdi. Roʻyxatga olish davrida OneID tizimidan foydalanish koʻlami ham sezilarli darajada oshdi. Xususan, mazkur davrda OneID tizimidan 2,1 mln nafar yangi foydalanuvchilar roʻyxatdan oʻtdi.

p

Shuningdek, aholi murojaatlariga tezkor javob berish maqsadida call-markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Roʻyxatga olish jarayoni davomida call-markaz orqali kuniga 2 mingdan ortiq murojaatga javob berildi.

p

Roʻyxatga olish tadbirining mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish, fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida keng qamrovli axborot-targʻibot ishlari amalga oshirildi. Xususan, umumiy tushuntirishlar, multiplikatsion roliklar, savolnomalarni toʻldirish boʻyicha maxsus videoqoʻllanmalar, firibgarlik holatlaridan ogohlantiruvchi materiallar, OneID tizimi orqali roʻyxatdan oʻtish tartibiga doir videolar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda jami 10 dan ortiq videoroliklar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Fuqarolarga roʻyxatdan oʻtish tartibi, onlayn ishtirok etish imkoniyatlari, savolnomani toʻldirish va boshqa masalalar boʻyicha 30 dan ziyod brifinglar oʻtkazildi.

Respublika miqyosida telekanallar orqali jarayonga oid 723 ta lavha va reportaj efirga uzatildi, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 19 mingga yaqin targʻibot materiallari eʼlon qilindi, gazetalarda 184 ta maqola va xabarlar chop etildi. Shuningdek, mashhur shaxslar, san’atkorlar, sportchilar, deputatlar, jamoatchilik faollari va turli soha vakillari ishtirokida 100 dan ortiq targʻibot intervyulari tayyorlandi, aholi gavjum joylarda 500 ga yaqin yirik banner, 30 mingdan ziyod plakat oʻrnatildi, 400 dan ortiq LED-monitorlarda targʻibot roliklari namoyish etildi.

p

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston aholisi soni 1989-yildagi roʻyxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgan. Joriy statistik hisob-kitoblar boʻyicha 2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakat doimiy aholisi 38 236 704 nafarni tashkil etgan boʻlsa, roʻyxatga olishning dastlabki natijalari boʻyicha 2026-yil 15-yanvar holatiga 39 047 321 nafarga yetdi. Farq 810 617 nafarni tashkil etdi. Aholining jinsi boʻyicha taqsimotiga koʻra, erkaklar soni 19 766 166 nafarni, ayollar soni esa 19 281 155 nafarni tashkil etdi.

Jarayonda Oʻzbekiston hududida 1 yildan ortiq muddat istiqomat qilayotgan 56,9 ming nafar xorijiy davlat fuqarosi ham roʻyxatga olindi. Ularning asosiy qismi Hindiston, Rossiya va Qozogʻiston fuqarolari hissasiga toʻgʻri keldi.

p

Roʻyxatga olishning dastlabki natijalariga koʻra, aholining millatlar boʻyicha tarkibida oʻzbeklar — 89,4 foiz, tojiklar — 3,3 foiz, qoraqalpoqlar — 2,2 foiz, qozoqlar — 1,8 foiz, ruslar — 1,6 foiz, qirgʻizlar — 0,6 foiz, turkmanlar — 0,5 foiz, boshqa millatlar esa 0,6 foizni tashkil etdi. Aholining 35,7 mln nafari yoki 91,3 foizi oʻzbek tilini ona tili sifatida koʻrsatgan va bu koʻrsatkich etnik oʻzbeklar ulushidan (89,4 foiz) 1,9 foiz punktga yuqori.

p

Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalariga koʻra, bir yillik ekin maydonlari 23,0 foizga, bogʻlar va tokzorlar 18,8 foizga, issiqxonalar 2,2 foizga va baliq boqish havzalari 15,0 foizga koʻpligi aniqlandi. Chorvachilik koʻrsatkichlarida ham sezilarli oʻzgarishlar kuzatildi. Xususan, yirik shoxli qoramollar soni joriy hisob-kitoblarga nisbatan 14,9 foizga, qoʻy va echkilar soni 6,2 foizga, otlar soni 11,2 foizga kamligi aniqlangan boʻlsa, parrandalar soni 12,7 foizga oʻsgan.

p

Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari kelgusida demografik oʻzgarishlarni tahlil qilish, aholining hududlar kesimida joylashuvini baholash, infratuzilmaga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, yashash sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha manzilli qarorlar qabul qilish va tegishli tahlillarni amalga oshirish imkonini beradi.

p

Konferensiyada taʼkidlanganidek, roʻyxatga olish natijalari davlat dasturlari, hududiy rivojlanish strategiyalari, infratuzilma loyihalari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va qishloq xoʻjaligi sohalarida rejalashtirish ishlarini yanada aniq va manzilli tashkil etishga xizmat qiladi.

p

Roʻyxatga olishning dastlabki maʼlumotlari Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi.