2026-yil 24-avgust kuni Milliy statistika qoʻmitasida Turkiya statistika instituti (TurkStat) ekspertlari ishtirokida qishloq xoʻjaligi statistikasini takomillashtirishga bagʻishlangan besh kunlik oʻquv kursi boshlandi.

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) koʻmagida tashkil etilgan kursda Qoʻmita markaziy apparati, hududiy statistika boshqarmalari hamda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutining 36 nafar xodimi ishtirok etmoqda.

Oʻquv mashgʻulotlarini Turkiya statistika instituti ekspertlari — Devrim Yagʻan, Emre Erchin Sarisoy, Ali Aranchi va Ilknur Serap Goʻzel olib bormoqda.

Kursning dastlabki kunida ishtirokchilar Turkiya statistika tizimi va tashqi aloqalar faoliyati, qishloq xoʻjaligi sohasidagi maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojlar, asosiy taʼrif va tasniflar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi subyektlari reestri bilan tanishdilar.

Besh kunlik kurs davomida dehqonchilik va chorvachilik statistikasi, qishloq xoʻjaligi ekinlari balansi, qishloq xoʻjaligining iqtisodiy hisoblari, narxlar statistikasi, oziq-ovqat xavfsizligi kabi muhim yoʻnalishlarda tajriba almashiladi.
Oʻquv kursi 28-avgustga qadar davom etadi.


