Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Milliy statistika qo‘mitasi hamkorligida iqlim sohasida samarali, inklyuziv va shaffof chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun statistika va ma’lumotlarni takomillashtirishga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar o‘z ishini boshladi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq statistikani rivojlantirish, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish hamda milliy harakatlar rejalari doirasida keyingi amaliy qadamlarni belgilab olishdan iborat.

Tadbirda Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova va Ukraina delegatsiyalari, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro energetika agentligi, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi kotibiyati, ESKATO, Italiya statistika instituti hamda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbir BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Milliy statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda, Xalqaro energetika agentligining EuroEnergy dasturi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Seminarning ochilish marosimida Milliy statistika qo‘mitasi raisi B. Hamrayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori S. Maxl, shuningdek, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Xalqaro energetika agentligi vakillari ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Dastlabki sessiyalarda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro siyosat doirasi, jumladan, milliy darajada belgilanadigan hissalar, ikki yillik shaffoflik hisobotlari va moslashish rejalari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, energetika statistikasining iqlim siyosatidagi o‘rni, statistik asoslar va ko‘rsatkichlar tizimi hamda Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi amaliy tajribalar yuzasidan fikr almashildi.
Seminar doirasida iqlim statistikasining joriy holati, institutsional tuzilmasi va kelgusi rejalari bo‘yicha Italiya, O‘zbekiston, Armaniston, Gruziya va Moldova vakillarining taqdimotlari o‘tkazildi. Panel munozarasining keyingi qismida esa Qozog‘iston va Ukraina tajribasi ma’lumotlardan foydalanuvchilar hamda siyosat ishlab chiquvchilar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Mintaqaviy seminar 25-sentyabrga qadar davom etadi.

