2026-yil 22-sentyabr kuni Toshkent shahrida Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasining mazmun-mohiyati, ahamiyati, asosiy maqsad va vazifalariga bagʻishlangan konferensiya oʻtkazildi.


Tadbirda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda soha ekspertlari ishtirok etdi. Konferensiya davomida Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari, milliy statistika tizimini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, maʼlumotlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, shuningdek, manfaatdor tomonlarning kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi.


Mazkur Strategiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentyabrdagi “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda roʻyxatga olish maʼlumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–190-son Farmoni bilan tasdiqlangan.


Strategiya 2026–2030-yillarda milliy statistika tizimini kompleks modernizatsiya qilish, rasmiy statistika maʼlumotlarining sifati va ishonchliligini oshirish, xalqaro standartlarga mos zamonaviy usullarni joriy etish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda statistik maʼlumotlarni foydalanuvchilar uchun yanada ochiq va qulay shaklda taqdim etishga qaratilgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun Strategiyada milliy statistika tizimini rivojlantirishning 11 ta strategik maqsadi belgilanib, ular rasmiy statistika tayyorlovchilarining institutsional salohiyatini oshirish, statistika sohasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, maʼmuriy va muqobil maʼlumotlardan samarali foydalanish, zamonaviy statistik usullar va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, foydalanuvchilarga yoʻnaltirilgan statistikani rivojlantirish, kommunikatsiyani takomillashtirish hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Strategiyada maʼlumotlar sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bunda statistik maʼlumotlarni tayyorlashning barcha bosqichlarida yagona yondashuvlarni joriy etish, uslubiyatlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, metamaʼlumotlarni takomillashtirish va statistik ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, statistikani shakllantirishda anʼanaviy maʼlumot manbalari bilan bir qatorda maʼmuriy, muqobil, geofazoviy maʼlumotlar, katta maʼlumotlar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Strategiyaga muvofiq, statistik hisobotlarni bosqichma-bosqich maqbullashtirish hamda mavjud maʼmuriy maʼlumotlardan foydalanish koʻlamini kengaytirish nazarda tutilgan. Jumladan, 2030-yilga qadar statistik hisobot shakllari sonini 47 tadan 38 tagacha kamaytirish, rasmiy statistikada muntazam foydalaniladigan maʼmuriy maʼlumotlar manbalari sonini 60 tadan 100 tagacha yetkazish maqsad qilingan.

Bu yondashuv statistik maʼlumotlarni shakllantirishda davlat organlarida mavjud axborot resurslaridan samarali foydalanish, takroriy maʼlumot yigʻishni kamaytirish hamda statistik ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Strategiyada innovatsion statistik mahsulotlarni ishlab chiqishga ham eʼtibor berilgan. Xususan, eksperimental statistikani rivojlantirish, maʼlumotlar ilmi va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan statistik tahlilda foydalanish hamda zamonaviy texnologik yechimlarni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish belgilangan.
Foydalanuvchilar bilan ishlash Strategiyaning yana bir muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Statistik maʼlumotlarni ochiq, tushunarli va foydalanish uchun qulay shaklda taqdim etish, maʼlumotlar savodxonligini oshirish, foydalanuvchilar bilan muloqotni kuchaytirish hamda statistik mahsulotlarni ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish nazarda tutilgan.

Strategiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga koʻra, 2030-yilga qadar rasmiy statistikadan foydalanuvchilarning qoniqish va ishonch darajasini kamida 80 foizga yetkazish belgilangan.
Shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish, statistika xodimlarining maʼlumotlarni tahlil qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va statistik usullar bilan ishlash koʻnikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xalqaro oʻquv dasturlari, trening va seminarlarda statistika tizimi xodimlarining ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan.
Strategiyani amalga oshirish uch bosqichda tashkil etiladi. 2026-yilda institutsional-huquqiy asoslarni yaratish va statistika tizimini modernizatsiya qilish uchun zarur mexanizmlarni shakllantirish, 2027–2028-yillarda zamonaviy statistik usullar va texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, 2029–2030-yillarda esa joriy etilgan yechimlarni mustahkamlash va tizimni barqaror rivojlantirish nazarda tutilgan.
Strategiyaning muhim maqsadli natijalaridan biri — 2030-yilga qadar Oʻzbekistonni Jahon bankining Statistika samaradorligi indeksi boʻyicha eng yuqori natijaga ega 50 ta davlat qatoriga kiritish hisoblanadi.
“Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasining amalga oshirilishi milliy statistika tizimining institutsional va texnologik salohiyatini mustahkamlash, statistik maʼlumotlarning sifati va ochiqligini oshirish hamda davlat boshqaruvi, biznes, ilm-fan va jamoatchilikni yanada ishonchli va zamonaviy statistik axborot bilan taʼminlashga xizmat qiladi.


