2026-yil 22-sentyabr kuni Jahon banki guruhining bosh statistigi va Rivojlanish maʼlumotlari guruhi direktori Xayshan Fu Milliy statistika qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Xayshan Fu boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi hamda Milliy statistika qoʻmitasi raisi boshchiligidagi markaziy apparat masʼul xodimlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Milliy statistika qoʻmitasi va Jahon banki oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, milliy statistika tizimini rivojlantirish, zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda Jahon banki tomonidan koʻrsatilayotgan texnik koʻmakni davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot davomida Oʻzbekistonda roʻyxatga olish tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, bu jarayonlarda qoʻllanilgan yondashuvlar va orttirilgan tajriba haqida Jahon banki vakillariga maʼlumot berildi. Tomonlar roʻyxatga olish natijalaridan statistik maʼlumotlar sifatini oshirish va iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqurroq tahlil qilishda foydalanish masalalarini ham muhokama qildi.

Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekistonda 2026-yil 15-oktyabrdan 30-noyabrga qadar oʻtkazilishi rejalashtirilgan Biznesni roʻyxatga olish tadbiri haqida maʼlumot berildi. Uning maqsadi, qamrovi, maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash jarayonlari, tadbirni tashkil etish mexanizmlari hamda kutilayotgan natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi va ushbu yoʻnalishdagi masalalar Jahon banki delegatsiyasi bilan muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda oʻzaro hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

