Bugun, 24-sentabr kuni Milliy statistika qoʻmitasida “Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimlari hamda Milliy statistika qoʻmitasi markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.

Seminar-treningdan koʻzlangan asosiy maqsad davlat xizmatchilarida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va sadoqatni mustahkamlash, davlat xizmatida maʼnaviy-axloqiy tamoyillarga rioya etish, kasbiy masʼuliyat va xizmat madaniyatini yuksaltirishdan iborat boʻldi.

Mashgʻulotlar maxsus dastur asosida oʻtkazilib, unda milliy qadriyatlarning davlat xizmatidagi oʻrni, davlat xizmatchisining jamiyat va davlat oldidagi masʼuliyati, vatanparvarlik, sadoqat, halollik va xizmat vazifalarini vijdonan bajarish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar bilan mavzu doirasida fikr almashilib, amaliy muloqot va savol-javoblar oʻtkazildi.

Mazkur seminar-trening davlat xizmatchilari faoliyatida milliy qadriyatlarga tayanish, yuksak maʼnaviy masʼuliyat va kasbiy etika tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

