Bugun, 25-sentyabr kuni, Milliy statistika qoʻmitasida BMT Ayollar tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy idorasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda BMT Ayollar tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Belen Sanz Luke, mintaqaviy direktor oʻrinbosari Elisa Fernandez Sayenz, Markaziy Osiyo boʻyicha aloqa ofisi rahbari va Oʻzbekiston boʻyicha mamlakat dasturi menejeri vazifasini bajaruvchi Seren Guven Gures, shuningdek, Milliy statistika qoʻmitasi rahbariyati va masʼul tarkibiy boʻlinmalari vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida Oʻzbekistonda gender statistikasini yanada rivojlantirish va bu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, genderga oid statistik maʼlumotlarning qamrovi va sifatini oshirish, ularni shakllantirishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish hamda xalqaro tajribani tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarining genderga oid koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish va monitoring qilish, mavjud axborot manbalaridan samarali foydalanish hamda tegishli koʻrsatkichlarni muntazam takomillashtirib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda 2026–2030-yillarga moʻljallangan statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi doirasida gender statistikasi boʻyicha belgilangan vazifalar ham muhokama qilinib, ularni amalga oshirishda hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning salohiyatini oshirish, tajriba almashish va texnik koʻmakni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar gender statistikasini takomillashtirish, xalqaro standart va ilgʻor tajribalarni keng joriy etish hamda ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

