Joriy yilning 9- aprel kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent moliya instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda videokonferensiya tashkil etildi.
Mazkur vebinarda Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi vakillari hamda Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Dastlab, Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Mamirov Aziz Otaxonovich yalpi ichki mahsulot haqida umumiy tushuncha, uni hisoblash usullari, O‘zbekistonda YaIMni hisoblash tajribasi hamda YaIMni hisoblash metodologiyasini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonda YaIMni hisoblashda qanday ma’lumotlar manbalaridan foydalanilishi, xalqaro tasniflagichlarning amaliyotga joriy etilishi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni foydalanuvchilarga taqdim etish manbalari hamda YaIM hisob-kitoblarini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng, Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari mavzu yuzasidan savollar berishdi. Ularning aksariyati YaIM qamrovining to‘liqligini ta’minlash, kuzatilmaydigan iqtisodiyotni baholash metodologiyasini takomillashtirish, choraklik milliy hisoblar ko‘rsatkichlarini shakllantirishda diskret yondashuvni joriy etish, milliy hisoblarda yordamchi hisoblarni, xususan, turizm yordamchi hisoblarini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi xususida savollar bilan murojaat qilishdi. Savollarga qo’mita vakillari batafsil javob berishdi.
Bugungi pandemiya sharoitida hamda mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborini inobatga olgan holda tashkil etilayotgan vebinar muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar uchun bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan onlayn uchrashuvlarni doimiy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Matbuot xizmati


