O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 30- oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida davlat idora va tashkilotlari xodimlari uchun yurtimizning mashhur sport ustalari bilan turli uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.
2021- yil 6- sentabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida taekvondo bo‘yicha jahon chempioni, ikki karra Osiyo hamda Universiada musobaqasi g‘olibi, taniqli sport ustasi Dmitriy Shokin bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Davlat statistika qo‘mitasi Ochiq ma’lumotlar faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultanov, qo‘mitaning Yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi raisi Xurshid Iskandarov, qo‘mita sport targ‘ibotchisi Sarvar Inoyatov mavzu yuzasidan so‘z yuritdi.
Uchrashuvda Davlat statistika qo‘mitasi xodimlarida jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali kasalliklarga qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash masalasida fikr-mulohaza almashildi. Shuningdek, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklanish va reabilitatsiya ishlari hamda jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, qo‘mitada sport bilan shug‘ullanish uchun tegishli infratuzilma va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Matbuot xizmati