Joriy yilning 9- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasida videokonferensaloqa tarzida “Gender tenglikka erishish strategiyasi – mazmun va mohiyat” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maxmudjon Ziyadullayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakilllari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Senator M. Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida 2030- yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilingani, siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foizga, oliy ta'lim sohasida 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetgani, xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika, muxandislik sohalariga keng jalb etilayotgani yuzasidan ma'lumot berdi.
Qayd etilganidek, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgan.
Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari gender tenglikka erishish strategiyasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ta’kidlanganidek, ushbu strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Davlat statistika qoʼmitasi tomonidan mamlakatimizda gender statistikasi koʼrsatkichlarining qamrovi va sifatini oshirish boʼyicha Gender komissiyasi, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan:
- BMTning tavsiyasiga asosan shakllanadigan 54 ta minimal gender koʼrsatkichlari statistika idoralari va boshqa vazirlik, idoralar tomonidan oʼrnatilgan tartibda shakllantirilib “gender.stat.uz” rasmiy veb-saytiga joylashtirildi hamda muntazam yangilab borilmoqda;
- foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida “gender.stat.uz” rasmiy veb-saytining yangi talqini ishlab chiqildi:
- saytning barcha boʼlimlaridagi gender statistikasiga oid koʼrsatkichlar 3 ta tilda, 5 xil formatda (pdf, xlsx, csv, json, xml) jadval shaklida tayyorlanib joylashtirilmoqda.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Matbuot xizmati