Ayni paytda yurtimizda 9- dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Aksilkorrupsiya haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 3- dekabr kuni mazkur haftalik doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha Toshkent forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Unda Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Malayziya, Xitoy, Gruziya, Sloveniya kabi davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idora rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, 100 dan ortiq vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasidan Axborot xizmati rahbari – Raisning matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdurasulov Usmon Rustamovich, Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshlig‘i Mamadaliyev Odiljon Toirovich hamda Ochiq ma`lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig'i Sultanov Akrom Amanovich qatnashdi.
Mazkur forum korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribani taqdim etish, qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy va institutsional bazani yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Forum doirasida turli mamlakatlar misolida korrupsiyaga qarshi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning mohiyati va xususiyatlari ochib berildi. Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat e'tiboriga havola etildi.
Forum yakuni sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali siyosatni ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini baholash va oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlanadi.
Matbuot xizmati