Joriy yilning 16-dekabr kuni Milliy statistika qo‘mitasida Aksilkorrupsiya oyligi doirasida mehnat jamoalarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatini kuchaytirish maqsadida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbir davomida xodimlarga “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularning maqsad va vazifalari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, sohada korrupsiyaga qarshi kurashishda xodimlarning murosasizligini oshirish hamda odob-axloq qoidalariga rioya etish masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Milliy statistika qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i O. Soliyev tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” Qonuni, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining manfaatlar to‘qnashuviga oid moddalariga doir tushunchalar berdi.

Bundan tashqari, xodimlarga manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarning mavzu yuzasidan bergan savollariga batafsil javoblar berildi.


