Joriy yilning 15- yanvar kuni Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyadullayev boshchiligida Multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, o‘quv mashg‘ulotlari va tajriba sinov ishlari yakuni bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
MICSda muhim o‘rin tutuvchi ushbu bosqichda respublika miqyosida tasodifiy tanlab olingan 726 ta mahallaning xaritalari kichik qismlarga bo‘lingan holda kuzatiladi. Ya'ni tasodifiy tanlab olingan joylar segmentlarga ajratilib, ma'lum bir segmentning xaritada aks etgan bino va inshootlarni joylashuvini qayta xatlovdan o‘tkaziladi. Zarur paytda tegishli o‘zgartirish, tuzatishlar kiritish, shuningdek uy xo‘jaliklari ro‘yxatini shakllantirish ishlari kartograf va listerlar tomonidan amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda qatnashchilar Multiindikator klaster kuzatuvlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida mahallaning segment xaritalari va uy xo‘jaliklari ro‘yxatini tuzish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish yuzasidan fikr-mulohaza almashdi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilariga Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati hamda UNIСEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasining kuzatuvni o‘tkazish ishlariga mas’ul koordinatorlari tomonidan MICS bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.
Matbuot xizmati