31/01/2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi tomonidan 2018-2022- yillar uchun milliy hisoblar statistikasi ma’lumotlari moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmini “Milliy hisoblar tizimi – 2008 (MHT- 2008)” uslubiyotiga muvofiq qayta hisob-kitob qilgan holda, Agentlik veb-saytining “Rasmiy statistika” bo‘limida quyidagi manzil bo‘yicha joylashtirildi: https://stat.uz/uz/rasmiy-statistika/national-accounts-2.

31.01.2023 y.

Ma’lumot uchun: Milliy hisoblar tizimi iqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalovchi hisoblar va jadvallarning muayyan to‘plami shaklida tuzilgan, o‘zaro bog‘liq statistik ko‘rsatkichlar tizimini o‘zida aks ettiradigan xalqaro uslubiyot bo‘lib, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalarini o‘rganishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil
3 avgustdagi PQ-4796-son qarori bilan tasdiqlangan “2020-2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi”ning
32, 33-bandlariga muvofiq Statistika agentligi (Davlat statistika qo‘mitasi)ga “MHT-2008”ni amaliyotga joriy etish va yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning tarkibiy qismlarini baholash amaliyotini takomillashtirish vazifasi yuklatilgan.

Statistika agentligi tomonidan 2017-2022- yillarda bir qator milliy hisoblar ko‘rsatkichlarini hisoblash uslubiyotlari “MHT- 2008” talablariga muvofiqlashtirilib, ular asosida hisob-kitoblar amalga oshirildi.

Mazkur jarayonlarning yakuniy bosqichi bilvosita o‘lchanadigan moliyaviy vositachilik xizmatlari (BO‘MVX) hajmini hisoblashning takomillashtirilgan uslubiyotini amaliyotga joriy etish hisoblanadi. “MHT- 2008” talablari asosida moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmini 2018-2022- yillar uchun hisoblash Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarining tavsiyalariga muvofiq Statistika agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Bilvosita o‘lchanadigan moliyaviy vositachilik xizmatlari ishlab chiqarishini hisoblash bo‘yicha uslubiy nizom” asosida amalga oshirildi.

Ma’lumot uchun: Moliyaviy vositachilik – ishlab chiqarish faoliyati turi bo‘lib, ushbu faoliyat davomida moliyaviy vositachilar xarajatlarni va ma’lum tavakkalchilikni o‘z zimmasiga olgan holda qabul qilingan moliyaviy majburiyatlarni moliyaviy aktivlarga aylantiradi. Moliyaviy vositachilarga tijorat banklari, lizing kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa moliyaviy muassasalar kiradi.

“MHT- 1993” uslubiyoti bo‘yicha moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmi moliyaviy vositachilar tomonidan olingan va ular tomonidan to‘langan foizlar o‘rtasidagi farq sifatida hisoblangan hamda shartli tarmoqning oraliq iste’moli sifatida aks ettirilgan edi.

“MHT- 2008” uslubiyoti bo‘yicha esa moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmi kredit (depozit)larning foiz stavkalari va bazis stavkasi (kreditlar va depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi) o‘rtasidagi farqni hisobot davridagi kredit (depozit)larning o‘rtacha qoldig‘iga ko‘paytirish orqali institutsional sektorlar kesimida hisoblanadi.

Mazkur uslubiyot bo‘yicha moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmi iqtisodiy faoliyat turlarining oraliq iste’moli hamda uy xo‘jaliklarining yakuniy iste’moliga taqsimlanadi.

Moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmining takomillashtirilgan uslubiyotini joriy etilishi natijasida 2021- yil uchun YAIM hajmi 734,9 trln. so‘mdan 738,4 trln. so‘mga (0,5 % ga) oshdi
(1- jadval) va YAIMning o‘sish sur’ati o‘zgarmadi (7,4 % saqlanib qoldi) (2- jadval).

 

1- jadval


BO‘MVX baholanishi o‘zgarishining O‘zbekiston Respublikasi YAIMiga ta’siri

 

Yillar

YAIM, mlrd. so‘m

qayta ko‘rib chiqilgunga qadar

qayta ko‘rib chiqilgandan keyin

o‘zgarish
(
%)

2018

424 728,7

426 641,0

0,5

2019

529 391,4

532 712,5

0,6

2020

602 193,0

605 514,9

0,6

2021

734 909,7

738 425,2

0,5

 

2- jadval


BO‘MVX baholanishi o‘zgarishining O‘zbekiston Respublikasi YAIMiga ta’siri

 

Yillar

YAIM, o‘tgan yilga nisbatan foizda

qayta ko‘rib chiqilgunga qadar

qayta ko‘rib chiqilgandan keyin

o‘zgarish
(+; -)

2018

105,4

105,5

0,1

2019

105,7

106,0

0,3

2020

101,9

102,0

0,1

2021

107,4

107,4

0,0

Tugmani bosing Tinglash GSpeech