Ichki savdo statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan yangi uslubiy nizom to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi tomonidan 2014-2021 yillar uchun ichki savdo statistikasi maʼlumotlari hajmini “Milliy hisoblar tizimi – 2008” (MHT-2008) uslubiyatiga muvofiq qayta hisob-kitob qilgan holda, Agentlik veb-saytining “Rasmiy statistika” bo‘limida quyidagi manzil bo‘yicha joylashtirildi: https://stat.uz/uz/rasmiy-statistika/internal-trade-2
Ichki savdo ko‘rsatkichlarini hisoblashda xalqaro uslubiyatlarni joriy etgan holda yanada takomillashtirish, ya’kuniy hajmlarning xalqaro tashkilot va institutlar hamda boshqa davlatlar bilan taqqoslama o‘rganishlarda va tadqiqotlarga mos kelishi maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi direktorining 2022 yil 28 sentabrdagi “Ichki savdo statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish bo‘yicha uslubiy nizom”ni tasdiqlsh to‘g‘risidagi 34-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Ichki savdo statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish bo‘yicha” uslubiy nizomni ishlab chiqishda ulgurji va chakana savdo korxonalarining faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari, shuningdek, xalqaro ko‘rsatmalar va tavsiyalar “Milliy hisoblar tizimi – 2008”, “Chakana va ulgurji savdo statistikasi bo‘yicha xalqaro tavsiyalar” (BMT, 2008), “Chakana tovar aylanmasining statistik kuzatuvi va uning miqdoriy ko‘rsatkichini hisoblash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar” hisobga olingan (MDH qo‘mitasi, 2011).
Qarorga muvofiq 2023- yilning yanvaridan boshlab ichki savdo ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy faoliyat turlari tasniflagichi (IFUT-2) asosida quyidagi yangi tahrirda yuritiladi va eʼlon qilinadi:
- Ulgurji savdo tovar aylanmasi – IFUT-2 46-bo‘lim (Avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari ulgurji savdosidan tashqari);
- Chakana savdo tovar aylanmasi – IFUT-2 47-bo‘lim (Umumiy ovqatlanish korxonalari savdo aylanmasi, shuningdek, avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari chakana savdosidan tashqari);
- Avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari ulgurji va chakana savdo aylanmasi – IFUT-2 45-bo‘lim (2 va 45.40.3 kodlaridan tashqari - Motorli transport vositalari va mototsikllarni taʼmirlash va texnik xizmat ko‘rsatish);
- Ovqatlanish korxonalari savdo aylanmasi – IFUT-2 56-bo‘lim (Oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar yetkazish bo‘yicha xizmatlar) bo‘yicha.