Milliy statistika qo‘mitasi tizimida xodimlarning kasbiy bilim va mahoratini oshirish, tashabbuskor va faol xodimlarni aniqlash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida “Eng namunali statistika xodimi” tanlovi joriy yilda ham tashkil etiladi.

Mazkur tanlov tasdiqlangan tartibga muvofiq ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich oktabr oyida Milliy statistika qo‘mitasi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari hamda tuman va shahar statistika bo‘limlari xodimlari o‘rtasida tashkil etiladi.

Birinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan xodimlar respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Hududiy bosqich g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda 1-noyabrga qadar Milliy statistika qo‘mitasiga taqdim etiladi.

Tanlovning respublika bosqichi noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Unda markaziy apparat hamda hududiy statistika organlarida o‘tkazilgan birinchi bosqich g‘oliblari ishtirok etadi.

Ishtirokchilar rasmiy statistika sohasidagi bilimlari, kasbiy malakasi, davlat ramzlari va davlat tilini bilish darajasi, raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillarni o‘zlashtirganligi, ish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tashabbuslari, shuningdek, fikrini aniq va tushunarli bayon eta olishi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, qimmatbaho hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi” va “Eng faol ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham maxsus diplomlar topshiriladi.

1